Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi bozorlar, xiyobonlar va istirohat bog‘larida xizmat itlari bo‘lgan patrul guruhlari ish boshladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
To‘rt oyoqli huquq-tartibot posbonlari IIV va Milliy gvardiya tashabbusi bilan jinoyatchilikning oldini olish va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish maqsadida xizmatga jalb etilgan. Toshkent shahar IIBB kinologlari Tashkent City Mall savdo markazi hududida hamda shaharning mashhur istirohat bog‘lari va ko‘ngilochar maskanlarida navbatchilik qilmoqda.
Itlar bilan ishlashda alohida talablarga rioya qilinadi. Xizmat davomiyligi havo harorati 30 darajadan yuqori yoki 1 darajadan past bo‘lganda to‘rt soatdan oshmasligi kerak. Shuningdek, to‘rt oyoqli patrullar smenalar oralig‘ida dam olishlari uchun kichik maxsus volerlar o‘rnatish rejalashtirilgan.