14-oktyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligining harbiy hamkorlik doirasidagi eng yirik mashg‘ulotlaridan biri — “Birlik — 2025” mintaqaviy qo‘shma mashg‘ulotining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mashg‘ulotlar Markaziy harbiy okrug hududida joylashgan “Kattaqo‘rg‘on” poligonida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari bo‘linmalari ishtirokida o‘tkazilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi jahonda geosiyosiy keskinlik va inqirozli vaziyatlar kuchayib borayotgan, yangi xavf-xatar va tahdidlar paydo bo‘layotgan sharoitda mamlakatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, harbiy sohada hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, yaqin sheriklikni rivojlantirishdan iborat.
Xususan, “Birlik — 2025” mintaqaviy qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari doirasida ishtirokchilar zamonaviy jangovar amaliyotlarga asoslangan eng samarali jangovar usullardan foydalangan holda o‘quv-jangovar vazifalarni birgalikda bajaradilar. Ular uzoq masofalardagi nishonlarga aniq zarba bera oladigan artilleriya, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va boshqa qurollardan foydalanadi.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar harbiy san’atning ilg‘or usul va uslublaridan foydalangan holda jangovar tayyorgarlik bilan shug‘ullanadi, turli musobaqalarda ishtirok etadi. Shuningdek, ular Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon mudofaa vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan qadimiy Samarqand shahriga tashrif buyurishadi.