2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonda 15-17 yoshdagi voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida 155 ta erta nikoh holatlari qayd etilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda yoshlar, ayniqsa, qizlar o‘rtasida erta turmush qurish masalasiga tanqidiy munosabat bildirdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, mamlakatda hali ham qarindoshlar o‘rtasida nikoh holatlari qayd etilmoqda.

Zamonaviy tibbiyot shuni isbotladiki, erta nikoh va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar nogiron bolalar tug‘ilish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi, — dedi u.

Yig‘ilishda bir kalendar yilida tug‘ruq oralig‘iga rioya qilmasdan, ikki marta homilador bo‘lish holatlari ham muhokama qilindi. Natijada nimjon va kasalmand bolalar tug‘iladi.

Muhtaram prezident bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sog‘lom avlod tug‘ilishini ta’minlash uchun joylardagi sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, diniy soha xodimlari, mahalliy hokimliklar o‘z vazifasiga yanada mas’uliyat bilan yondashishi zarurligini ta’kidladi, — dedi vazir.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish rejalashtirilgan.