Rossiyada migrantlarning ishlamaydigan va o‘qimaydigan oila a’zolarining mamlakatda qolishini cheklashmoqchi. Bu haqda Rossiya migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasida aytiladi.
Konsepsiyada aytilishicha, Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan muhojirlar sonining o‘sishi 2030-yilgacha saqlanib qoladi. Bu chet ellik ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, milliy xavfsizlikka nisbatan yangi tahdid va xatarlarning paydo bo‘lishi migratsiya siyosatini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Noqonuniy migrantlar va chet el fuqarolari, shu jumladan voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatlar sonini kamaytirish siyosatning natijasi bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, kutilayotgan natijalar orasida quyidagilar ham bor:
- Rossiyada noqonuniy ishlayotgan muhojirlar ulushini kamaytirish;
- migrantlarning ta’lim muassasalariga bormaydigan farzandlari sonini kamaytirish;
- Rossiya oliy ta’lim muassasalarida xorijiy talabalar ulushini oshirish;
- maqsadli ishga qabul qilish dasturlari bo‘yicha ishga qabul qilinayotgan migrantlar ulushini oshirish;
- Rossiyaning an’anaviy qadriyatlarini baham ko‘radigan va doimiy yashash uchun Rossiyaga ko‘chib kelgan chet el fuqarolarining ko‘payishi.