Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasi bilan tanishdi, ushbu ulkan majmua qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Izchil taraqqiy etib, ulkan megapolisga aylanayotgan Toshkent shahriga dunyoning turli mintaqalaridan sayyohlar-u tadbirkorlar, investor-u davlat arboblarining tashrifi ko‘payib bormoqda. Aniq raqamlarda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston dunyoga keng ochilganidan so‘ng xorijiy sayyohlar soni 3 milliondan 10 millionga oshdi. 2030-yilga borib, 15 millionga yetadi.

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining tiklangani, chegaralarning ochilgani natijasida odamlar uchun mintaqa bo‘ylab bemalol harakat qilish imkoniyati yaratildi.

Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tahlillarga ko‘ra so‘nggi sakkiz yilda poytaxtga avia yo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 millionga yetdi. 2040-yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q. Shu bois, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda.

Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi.

Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi. Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Davlat rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik izhor etdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga yuksak ishonch bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.