Saudiya Arabistonidagi “Haj — 2026” mavsumida ziyoratchilar Nusuk platformasi orqali berilgan tibbiy ma’lumotnoma bo‘lsagina viza olishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi hajni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi barcha tuzilmalarga har bir ziyoratchining sog‘lig‘ini sinchkovlik bilan tekshirish majburiyatini yukladi. Viza olishdan oldin majburiy tekshiruv o‘tkaziladi, tegishli hujjatsiz ziyoratchi sayohatni rasmiylashtira olmaydi.
Hajda ishtirok etish mumkin bo‘lmagan kasalliklar ro‘yxatida dializga muhtoj bo‘lgan buyrak yetishmovchiligi, yurak va jigar yetishmovchiligining og‘ir shakllari, kislorod yordamini talab qiladigan surunkali o‘pka kasalliklari, shuningdek, jiddiy ruhiy va nevrologik kasalliklar mavjud.
So‘nggi trimestrdagi homilador ayollar, faol yuqumli va onkologik kasalliklarga chalingan shaxslar sayohatga qo‘yilmaydi. Haj vazirligi belgilangan qoidalar buzilganda yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.