O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori to‘g‘risidagi qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishga yondashuv o‘zgaradi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatda barqaror o‘sish kuzatilmoqda, aholining turmush darajasini tegishli ravishda yaxshilash uchun eng kam ish haqi har yili oshirib borilmoqda. Biroq bu masalalar ko‘pincha bir tomonlama, ya’ni davlat organlarining hisob-kitoblari va takliflari asosida hal etiladi.

Shu bois 2026-yildan boshlab ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini (Kasaba uyushmalari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishga jalb qilish taklif etildi. Bu xodimlar manfaatlarini kafolatli himoya qilishga yangicha yondashuv bo‘ladi.

Insonning qadr-qimmati, uning hayot sifati nafaqat ish haqi, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiy va transport xizmatlari bilan ta’minlash, ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli daromad olishi uchun sharoit yaratish zarur.