O‘zgidromet sinoptiklari dam olish kunlari uchun ob-havo prognozini taqdim etdi. Harorat asta-sekin pasaya boshlaydi, ba’zi joylarda yog‘ingarchilik bo‘lib, qorga aylanishi mumkin.
18 oktyabrda shimoli-g‘arbdan nisbatan salqin havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati kunduzi asta-sekin pasaya boshlaydi va 18 oktyabrda 21-26o iliqni, shimolda 15-20o iliqni tashkil etadi. Harorat kechasi 6-11 daraja iliqqacha, shimolda 3-8 daraja iliqqacha pasayadi.
Dam olish kunlari yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat 18 oktyabr kuni kechga tomon Buxoro va Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 19 oktyabrda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda qorga aylanishi mumkin.
Toshkent shahrida havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat bugun kunduzi 25-27o, shanba kuni 23-25 daraja, yakshanba kuni 19-21 daraja bo‘ladi.