Samarqandda bir oilaning yetti a’zosi halok bo‘lgan portlash bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Zamon dasturida ma’lum qilindi.

Fojia 2025-yilning may oyida Bog‘isaroy mahallasida sodir bo‘lgan. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi olti kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi, ammo yetti kishi qurbon bo‘ldi.

Hodisaga qadar uyda yashovchilar gaz xizmatiga 11 marta gaz hididan shikoyat qilgan, biroq ularning murojaatlari javobsiz qolgan.

Sud “Hududgaz Samarqand” filiali shahar gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i va uning 3 nafar xodimini Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybdor deb topdi. To‘rt kishiga ham 7 yildan qamoq jazosi tayinlanib, 3 yil davomida rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Sud gaz ta’minoti korxonasini jabrlangan fuqarolarga qariyb 6 mlrd so‘m miqdorida tovon puli to‘lashga majbur qildi.

Shuningdek, o‘tgan yilning sentyabr-oktyabr oylarida xonadonlarni gazlashtirish ishlari loyiha va texnik shartlarsiz amalga oshirilgani aniqlangan. Pudratchilar zarur xulosalarsiz va himoya qoplamasisiz avtomobil yo‘li ostidan gaz quvurini noqonuniy ravishda yotqizgan va o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulagan. Natijada quvurda yettita teshik hosil bo‘lgan va ular orqali gaz markaziy kanalizatsiya qudug‘iga sizib chiqqan. Bu esa portlashga olib keldi.