O‘zbekistonda DXX xodimlari Afg‘onistondan olib kelingan giyohvand moddalar partiyasini aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari Afg‘onistondan O‘zbekistonga giyohvand moddalar kirib kelgan kontrabanda kanallaridan birini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Chinor” nazorat-o‘tkazish punktida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahridan Andijon shahriga harakatlanib kelayotgan Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatildi. Yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan 54 yoshli Qirg‘iziston fuqarosidan 4 kg 897 gramm gashish moddasi topilgan va musodara qilingan.
Erkak giyohvand moddani Buxoro tumanidagi qishloq xo‘jaligi dalasida yashirin joydan olgan. DXX xodimlari mazkur uchastkani ko‘zdan kechirganda, yana 45 kg 52 gramm gashish moddasi borligi aniqlangan. Umumiy og‘irligi qariyb 50 kg bo‘lgan giyohvand moddalar partiyasi Afg‘onistondan O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilinishi kerak edi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qo‘lga olinganlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.