Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev amaldorlardan pora olishni to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda viloyat rahbari davlat xizmatchilari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xalq amaldorlarning noqonuniy boyishi bilan bog‘liq barcha holatlarni ko‘rib, bilib turibdi.

Nima deb o‘ylaysiz, xalq bilmaydimi? Xalq hamma narsani bilib o‘tiribdi. Kim uy qilibdi, kim mashina qilibdi. Odamlar bilmaydi, deysizmi? Hamma hamma narsani biladi. Hamma o‘zi xulosa qilsin, — dedi Boboyev.

Adiz Boboyevning ta’kidlashicha, korrupsiya yuqoridan boshlansa, u albatta pastga qarab tarqaladi. Uning ta’kidlashicha, faqat halollikning shaxsiy namunasi hokimiyat organlaridagi vaziyatni o‘zgartirishga qodir.

Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ham tahlil qilinib, qo‘shimcha profilaktik choralar belgilandi. Mehnat jamoalari va mahallalarda tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi.