Shavkat Mirziyoyev “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yildan boshlab:
- o‘qitish qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha darsliklarning yangi avlodini davriy asosda yaratish;
- bolalar bog‘chalarida o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqish;
- maktabgacha yoshdagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli kitob-lug‘atini yaratish;
- bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish.
Mamlakatda har yili quyidagi tanlov va olimpiadalar o‘tkaziladi:
- mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar o‘rtasida o‘zbek tili bo‘yicha respublika olimpiadasi o‘tkaziladi;
- “O‘zbek tili — qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovi;
- “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovi — o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlar;
- umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovi;
- o‘zbek tili o‘qituvchilari o‘rtasida “O‘zbek tili bo‘yicha yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” respublika tanlovi;
- Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi. Respublika oliy ta’lim muassasalarining “filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha olimpiada g‘oliblari belgilangan umumiy qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan xorijiy talabalar uchun kurslar ular tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalari mablag‘lari hisobidan bepul tashkil etiladi.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasiga 2026-yil davomida mamlakatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari uchun o‘zbek tilini o‘qitish kurslarini kengaytirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Xorijiy davlatlardagi o‘zbek diasporasi tashkilotlari huzurida vatandoshlarning farzandlariga o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari tashkil etiladi.
Shuningdek, boshqa millat va elat vakillari, xorijdagi vatandoshlarimiz farzandlari, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolariga o‘zbek tilini o‘rgatish maqsadida sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha alohida modul ishga tushiriladi.