O‘zbekistonda sun’iy intellekt favqulodda vaziyatlarni aniqlash va oldini olishda yordam beradi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Prezidentning 20-oktyabrdagi “Aholini favqulodda vaziyatlardan ishonchli himoya qilish sohasida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish to‘g‘risida”gi farmoni bilan aholini muhofaza qilish darajasini sifat jihatidan oshirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Shu jumladan:
- hududlarda favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha faoliyatni ustuvor vazifa sifatida belgilash, mahallalar darajasida keng profilaktika mexanizmlarini yaratish va samarali joriy etish;
- zamonaviy talablarni hisobga olgan holda FV sohasida davlat nazorati shakllari talablari va normalarini qayta ko‘rib chiqish hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar;
- favqulodda vaziyatlar xavfini bartaraf etish sohasida sun’iy intellekt, robototexnika va zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, mas’ul organlar va tashkilotlarning axborot tizimlarini yagona texnologik platformaga birlashtirish.
Ushbu konsepsiya doirasida davlat siyosatining asosiy vazifalari ham belgilandi, jumladan:
- favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha “mahallabay” va “xonadonbay” profilaktik tadbirlarni o‘tkazish;
- aholini, ko‘ngilli qutqaruvchilar va volontyorlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlariga keng jalb etish;
- monitoring va prognozlashni baholash, shuningdek, yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarning oqibatlari, ko‘lami va xususiyatini aniqlash metodikalari va metodologiyalarini zamonaviy talablarga moslashtirish;
- energetika, radiatsiya, kimyoviy, portlash va boshqa xavflar manbai bo‘lgan yuqori iqtisodiy ahamiyatga ega obyektlarning barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.