Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida mahkum koloniyadan qochib ketib, bolani zo‘rlagani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB hodisa yuzasidan izoh berdi.
Hodisa 16-oktyabr kuni Ohangaron tumanida sodir bo‘lgan. 31-yoshli mahkum 50-sonli manzil-koloniyasidan mehnat faoliyati davomida qochib ketib, 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlagan, shundan so‘ng mahalliy aholi tomonidan dalada ushlangan.
U 2018-yilda Jinoyat kodeksining 118-moddasi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) 4-qismi bilan 16 yilga, 2033-yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan. Sudning 2024-yil avgustdagi qarori bilan u qolgan 9 yil 2 oy 19 kunlik jazo muddatini o‘tash uchun manzil koloniyasiga o‘tkazilgan.
Mazkur shaxsga nisbatan voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etgan qilmishlari uchun Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi bilan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U qo‘lga olinib, hibsga olindi.