Toshkentda kattalar uchun zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etiladi, u yerda yiliga 8,5 mingtagacha yuqori texnologiyali operatsiyalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shartnomani idora vakillari bosh pudratchi tomonidan tanlangan Kyeryong konsorsiumi rahbari bilan birgalikda imzoladi. Qayd etilishicha, loyihaning umumiy qiymati 149,8 mln dollarni tashkil etadi, shundan 124 mln dollari Janubiy Koreya Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi tomonidan kredit mablag‘lari sifatida taqdim etiladi, 25,8 mln dollari esa O‘zbekiston tomonidan kiritiladi.

Loyiha doirasida 300 o‘rinli IV toifali zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, shifoxonaning yangi binosi xalqaro standartlarga muvofiq quriladi. Tibbiyot muassasasida 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Muassasada yiliga 8,5 mingtagacha kardiojarrohlik, transplantologiya, neyrojarrohlik, reabilitatsiya, umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘im kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, hukumat Janubiy Koreyaga O‘zbekistondan 130 nafar tibbiyot xodimini malaka oshirish uchun yuboradi, mamlakatga esa, aksincha, Janubiy Koreyadan 32 nafar yuqori malakali mutaxassis keladi.