2026-yil yanvar oyidan boshlab seysmik xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatli prognoz qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanish boshlanadi. Bu haqda prezident farmonida aytilgan.
Tizim Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi. Sun’iy intellekt yordamida binolar, ko‘priklar, tunnellar va tarixiy obidalarning zilzilaga chidamliligi ham baholanadi. Birinchi bosqichda tekshiruv mamlakatning muhim va turistik jihatdan jozibador majmualarini qamrab oladi: Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Ark qal’asi va Xivadagi Ichan qal’a. Ishlar Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshiriladi. Ish 2026-yil boshida boshlanadi.
Tog‘li hududlardagi A-373 va M-39 avtomobil yo‘llari hamda ularga tutash temir yo‘l uchastkalarida ko‘chki xavfi bo‘lgan hududlar doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilinadi. Uning natijalari har yili 1-mayga qadar tegishli idoralar va mahalliy hokimliklarga ogohlantirish choralarini ko‘rish uchun yuboriladi.
2026-yil 1-martdan boshlab TransportSeysmika maxsus platformasida avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari, shuningdek, tunnellarning barqarorligini onlayn nazorat qilish joriy etiladi. Shu vaqtdan boshlab bino va inshootlarning texnik holatini sun’iy intellekt yordamida zilzilabardoshlik darajasi bo‘yicha tahlil qilish boshlanadi.
2025-yil 1-dekabrdan boshlab milliy seysmologik onlayn platforma ishga tushiriladi. Unda ehtimoliy zilzilalar akselerogrammalari bazalari, seysmik rayonlashtirish, shaharlarni mikrorayonlashtirish xaritalari, shuningdek, faol tektonik yoriqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Platforma “Shaffof qurilish” milliy tizimi bilan integratsiya qilinib, seysmik faol hududlardagi barcha yangi binolar shu asosda loyihalashtiriladi.