O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi, uning yordamida fuqarolar onlayn tarzda ziyoratga navbatga yozilishlari mumkin. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ariza beruvchi ikki xil usulda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki www.haj-umra.gov.uz sayti orqali.
Ushbu portal quyidagi maqsadlarda yaratilgan:
- haj ziyoratiga boruvchilar uchun qulayliklar yaratish, navbatlarni shakllantirishda shaffoflikni ta’minlash va inson omilini istisno qilish;
- yagona elektron navbatni shakllantirib, Hajga ariza topshirish jarayonini onlayn shaklga o‘tkazish;
- haj safari bilan bog‘liq hujjatlarni yig‘ish va rasmiylashtirish jarayonlarini raqamlashtirish.
Endilikda fuqarolar uydan chiqmasdan, tashkilotlarga shaxsan murojaat qilmasdan, hujjatlarni yig‘masdan va qog‘ozbozlikka duch kelmasdan navbatga turish uchun ariza topshirishlari mumkin.