O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqasi operatorlariga besh yil muddatga soliq imtiyozlari beriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi markaziy yer stansiyasi orqali o‘rta va past orbitali sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini yaratish bilan bog‘liq loyihalar uchun besh yil muddatga soliq imtiyozlari joriy etiladi.

Yo‘ldosh aloqa tizimi orqali yo‘ldosh aloqa tarmoqlari operatorlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar QQSdan ozod qilinadi.

Markaziy yer stansiyalari, terminallar va sun’iy yo‘ldosh aloqasi infratuzilmasining boshqa faol qurilmalari joylashgan telekommunikatsiya inshootlari va ularning yer uchastkalari mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod qilinadi.

Yo‘ldosh aloqa tarmoqlari operatorlari yaratilgan yo‘ldosh aloqa tizimi orqali ko‘rsatilgan xizmatlar uchun foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, yangi tartib Soliq kodeksining tegishli moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng amaliyotga joriy etiladi.