Toshkentda transport vositalarida noqonuniy joylashtirilgan reklamalarga qarshi kurash kuchaytirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
YHXB xodimlari tomonidan shahar hokimligi va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi mas’ullari bilan hamkorlikda bunday avtomobillarni aniqlash va oldini olish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Monitoring tadbirlari doirasida mutaxassislar reklamalari qonunchilik talablariga javob bermaydigan transport vositalarini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Hozirgi vaqtda transport vositalariga tashqi reklamani joylashtirish uchun davlat xizmatlarida reklama joyining pasportini rasmiylashtirish kerak.
Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qoidabuzarlarga nisbatan qonun doirasida choralar ko‘rildi, shuningdek, avtomobil egalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Mutaxassislar tizimli monitoringni davom ettirmoqda.