Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jami 1,9 mlrd so‘mlik uchta davlat xaridini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, xaridlar quyidagi miqdorda amalga oshirilgan:

  • 1,6 mlrd so‘m — Urganch shahridagi dzyudo bo‘yicha sport mahorati maktabi buyurtmasi asosida xarid qilish;
  • 298 mln so‘m — Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi buyurtmasi bo‘yicha xarid qilish;
  • 32,5 mln so‘m — Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi buyurtmasi bo‘yicha xarid qilish.

O‘rganish davomida arizalarni baholashda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishiga hamda ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklash holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Agentlik taqdimnomalari asosida g‘oliblarni e’tirof etish bo‘yicha komissiyalar bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy xaridlarning oldi olindi. O‘rganish va tahlil davomida to‘plangan hujjatlar qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.