Shavkat Mirziyoyev Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Kengaytirish masalalari bo‘yicha Yevropa komissari Marta Kos, Vandewiele, Linde, Rhenus Logistics, Ahlers Logistics, Lasselsberger Group, Pietro Fiorentini, NextChem, Meridiam, SUEZ, FMO, European Investment Bank, Commerzbank, KfW, Textima, Chimcomplex, Metso va boshqa kompaniya va korporatsiyalarning top-menejmenti ishtirok etdi.

Davlat rahbari tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani o‘zaro ishonchning yuksak darajasi va hamkorlikni mustahkamlashga ikki tomonning ham intilishi ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochishi ta’kidlandi.

Keyingi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko‘paydi, Yevropa kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar sarmoyadorlarning O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish va innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishda yevropalik sheriklar ko‘magi alohida qayd etildi.

Prezidentimiz inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi — yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi, xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, yevropalik hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda davlatimiz rahbari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning to‘rtta muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekiston mamlakatimizda strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor.

“Yashil” iqtisodiyot va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. Mamlakat qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga «yashil» energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi.

Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va aeroportlarni o‘z ichiga olgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda. Mamlakatimiz tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor.

Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston IT-parklar va startap-inkubatorlarni rivojlantirmoqda, Yevropa kompaniyalari bilan sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlik qilishga tayyor.

O‘z navbatida, davra suhbati ishtirokchilari mamlakatda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror shart-sharoitlarni yuqori baholadilar hamda mamlakatda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Yevropa kengashining Bryusseldagi bosh qarorgohida O‘zbekiston-Yevropa sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.