24-oktyabr kuni Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator hisobotida aytiladi.

2025-yilning uchinchi choragida iqtisodiy faollikning barqaror o‘sish sur’atlari kuzatildi. Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining ta’minlanishi, o‘tgan yilgi inflyatsion omillar hissasining kamayishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi ta’siri sentyabr oyida yillik inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, yalpi talab faol bo‘lgan sharoitda taklifning tashqi omillari bilan bog‘liq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflyatsiyasining yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Mazkur holatlarni inobatga olgan holda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz — yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2025-yilning sentyabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 0,8 foiz bandga pasayib, yillik 8 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari guruhidagi inflyatsiya 6,1 foizgacha sekinlashdi va umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi hissa qo‘shdi. Xizmatlar inflyatsiyasi, shu jumladan tartibga solinadigan narxlarni hisobga olmagan holda, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Bazaviy inflyatsiya talab omillarining biroz kuchsizlanishiga olib kelgan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda almashuv kursining mustahkamlanishi ta’sirida pasayuvchi dinamikaga o‘tdi va sentyabr oyida yillik 7 foizgacha pasaydi. Xususan, so‘mning mustahkamlanishi import inflyatsiyasining sekinlashishiga va ma’lum darajada nooziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashishiga yordam berdi.

So‘nggi oylarda iste’mol savatida narxlar o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sekinlashgan tovarlar va xizmatlar ulushi ortib borayotgani narxlarni barqarorlashtirish jarayoni yanada keng tus olayotganidan dalolat beradi.

Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq inflyatsiyaning joriy va prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqoriligicha qolmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi va 8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, III chorakda iqtisodiy o‘sish yuqori darajada saqlanib qoldi va joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida iqtisodiy o‘sish sur’atlari kelgusi chorakda ham saqlanib qolishi va yil yakuni bo‘yicha 7-7,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Aholi real daromadlarining o‘sishi va chakana kreditlashning faollashuvi aholining xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va iste’mol talabini rag‘batlantiradi. Bu esa, o‘z navbatida, kelgusida iqtisodiyotda inflyatsion bosimning saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, energiya narxlarining erkinlashtirilishi kelgusi oylarda inflyatsiyaga ikkilamchi ta’sir ko‘rsatishi va ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

Bunday sharoitda inflyatsiyaning pasayib borishini ta’minlash uchun pul-kredit siyosatining nisbatan qat’iy shartlarini saqlab qolish talab etiladi.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda jamg‘armalarning jozibadorligini qo‘llab-quvvatlaydi, kreditlash sur’atlarini muvozanatlashtirishga ko‘maklashadi va pul bozorida resurslar narxlarining mutanosib shakllanishini ta’minlash orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga yordam beradi va inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini pasaytiradi.

Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun pul-kredit siyosatining yetarlicha qat’iyligini ta’minlaydi.