O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo—Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston—Yevropa hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar bugun imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitimni yuksak baholadilar. Ushbu keng qamrovli hujjat nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki O‘zbekistonning YeI bilan hamkorligining yangi kun tartibini shakllantirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha YeI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini olqishladi.
Barcha darajalarda faol va sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi, kuni kecha Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Kecha yirik qo‘shma biznes forumi o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ularning yakunida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan loyihalarning amaldagi portfeliga salmoqli qo‘shimchadir.
Sheriklikning yuqori sur’atini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va ta’lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.