Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilda iqtisodiy rivojlanishdan kutilayotgan natijalar va 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kelgusi yilgi asosiy rejalar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar 2026-yilda iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini 6,6 foiz darajasida ta’minlash, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, barcha manbalar hisobidan iqtisodiyotga kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish va inflyatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Prezidentimiz bu maqsadlarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoitlar borligini ta’kidlab, vazirlik, tarmoq va hududlar rahbarlari e’tiborini kuchaytirishi lozim bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tdi. 2026-yilgi byudjet loyihasida amaldagi soliq stavkalarini saqlab qolish ko‘zda tutilgan.
2026-yilgi byudjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.
Strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat ulushi bor korxonalarning dividend siyosatini tartibga solish, samarasiz subsidiya va imtiyozlarni bekor qilib, natijadorlikni tahlil qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tuman va shaharlar byudjetining daromad bazasini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shavkat Mirziyoyev xalqaro moliya institutlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, yangi loyihalar amaldagisi yakunlanganidan keyin moliyalashtirilishiga o‘tish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari qoldiqlarining yarmini maxsus jamg‘armaga yo‘naltirish, ushbu mablag‘larni maktablar qurish va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga sarflash bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilish yakunida 2026-yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.