Toshkentda 25-oktyabrga o‘tar kechasi Yakkasaroy tumanidagi Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasida 144 tup archa kesib tashlandi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari B.Rahmonovning o‘sayotgan daraxtlarni yangisiga almashtirish bo‘yicha bergan topshirig‘i asosida Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesilgan. Biroq bu prezident farmoni bilan joriy etilgan moratoriy talablariga ziddir, — deb yozdi u.

25-oktyabrdan boshlab kesilgan daraxtlar o‘rnida manzarali ko‘chatlar ekish ishlari boshlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming so‘mni tashkil etgan.

Qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Ayni paytda holatni xolis va qonuniy ko‘rib chiqish uchun prokuratura ko‘magi zarur, chunki Yakkasaroy tumani ekologiya xodimlari bosim ostida bo‘lib, tezkor tekshiruv o‘tkaza olmagan va hujjatlarni rasmiylashtira olmagan. Shu munosabat bilan vaziyat Ekologiya vazirligi tomonidan nazoratga olingan, — deya ta’kidladi vazir maslahatchisi.

Toshkent shahar hokimligi ushbu hodisaga izoh berdi. Rasmiylar e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilganini aytishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Bobur ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida 83 tup eliks va 62 ming tupdan ziyod manzarali gujum ko‘chatlari o‘tqazilayotgan bo‘lsa-da, ilgari o‘sib turgan o‘simliklar bilan bog‘liq ayrim ishlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Ilgari bu yerda 145 tupga yaqin archa bo‘lib, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgan edi.

Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish ko‘zda tutilgan, biroq mas’ul shaxslar tomonidan belgilangan talablar buzilgan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘riladi, — deyiladi hokimlik xabarida.