Xalqaro grossmeyster, Xalqaro shaxmat federatsiyasining 2004-yilgi versiyasi bo‘yicha jahon chempioni Rustam Qosimjonov shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi. Bu haqda Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Federatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rustam Qosimjonovga bir qator vazifalar yuklatilgan. Mutaxassis xalqaro maydondagi natijalar barqarorligini mustahkamlashi, yosh shaxmatchilarni tayyorlashning zamonaviy tizimini joriy etishi, shuningdek, eng yirik xalqaro turnirlarga sifatli tayyorgarlik ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Rustam Qosimjonov — o‘zbek shaxmatining faxri, chuqur bilim va katta xalqaro tajribaga ega mutaxassis. U nafaqat dunyoning eng kuchli grossmeysterlaridan biri, balki yuqori xalqaro darajadagi shaxmatchilar bilan ishlagan murabbiy sifatida ham tanilgan, — deyiladi xabarda.