O‘zbekistonda amaldorlar faoliyatini baholash tizimi ishga tushadi, unda samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari 4 ta daraja bo‘yicha tahlil qilinadi. Bu hukumat qaroridan kelib chiqadi.

Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari reyestriga kiritilgan xodimlar baholanadi. Unga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi vakillaridan tortib tuman va shahar hokimliklarigacha bo‘lgan barcha darajadagi amaldorlar kiradi. Bunda idoralar namunaviy tartibga muvofiq zarur KPIlarni o‘zlari ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi.

Qayd etilishicha, ular aniq va muayyan, maqsadli va erishish mumkin bo‘lgan, vaqt doirasiga ega bo‘lishi, xodimlarning kompetensiyalarini aks ettirishi, shuningdek, tushunarli mezonlar bilan o‘lchanishi kerak. Faoliyat natijalari 4 ta daraja bo‘yicha baholanadi:

  • 70 balldan kam bo‘lsa — “qoniqarsiz” (D);
  • 70 dan 85 ballgacha — “qoniqarli” (C);
  • 85 balldan 100 ballgacha — “yaxshi” (B);
  • 100 va undan yuqori ball — “a’lo” (A).

Mutaxassislar ballarni Samaradorlik.uz maxsus elektron platformasida hisoblab boradi. Bu davlat xizmatchilarining shaffofligi va mas’uliyatini oshirishga, shuningdek, samarali boshqaruv tamoyillarini joriy etishga yordam berishi rejalashtirilgan.