Shavkat Mirziyoyev professional ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va professional ta’lim sohasini boshqarishga mas’ul Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi.
Agentlik kasb-hunar ta’limi dasturlariga, ular bo‘yicha beriladigan malaka darajalariga, o‘qitishning eng kam muddatlariga, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlariga, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha professional ta’lim tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan o‘quv-metodik ta’minotga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vaucher tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar beradi. Bunda fuqarolarni “vaucher” tizimi va buyurtmalar asosida o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Xorijiy ish beruvchilarning ishchi kuchiga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, kasb va mutaхassisliklar hamda хorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar Migratsiya agentligi tomonidan taqdim etiladi. Bunda teхnikumlarni oʻqitish va ularning moddiy-teхnik bazasini takomillashtirish uchun zarur mablagʻlar Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat organlari va tashkilotlariga kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha buyurtmalarni toʻgʻridan-toʻgʻri davlat teхnikumlariga joylashtirish va moliyalashtirishga ruхsat beriladi.