O‘zbekistonda iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarda tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.
2026-yil 29-yanvardan boshlab qarz oluvchi jismoniy shaxslarni kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy xatarlar to‘g‘risida xabardor qilishni nazarda tutuvchi chek-varaqning standart shakli paydo bo‘ladi. U qarz oluvchilarga xavf-xatarlar bilan oldindan tanishish va yanada mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
Shuningdek, banklar moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan qarz oluvchilar uchun kredit shartnomalari shartlariga o‘zgartirish kiritishning ichki tartibiga ega bo‘lishi va uni iste’molchilarga oshkor etishi talabi belgilanmoqda. Bu mijozlarni qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlashga va kreditlarni qayta tuzishning shaffofligini oshirishga yordam berishi kerak.
Bundan tashqari, insofsiz amaliyotlarga cheklovlar kiritilmoqda: banklarga so‘ralgan miqdordan ortiq miqdorda kreditlar taklif qilish, undiruvni ijtimoiy nafaqalar va to‘lovlarga yo‘naltirish, shuningdek, jadvalda ko‘rsatilgan kalendar sanadan oldin kreditni to‘lashni talab qilish taqiqlanadi. Bu ortiqcha qarzdorlikning oldini olishi va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilishi kerak.
Mijozning ishtirokisiz kredit parametrlarini oldindan belgilash yoki qayd etish taqiqlanadi.
Banklar iste’molchilarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlangan omonatlarning turlari va summalari, kompensatsiyalarni to‘lash tartibi va muddatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish majburiyatini oladi.