Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Muzokaralarda alohida e’tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.
“Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, rahbarlar ishtirokida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, jumladan:
- Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
- Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Tibbiy xizmatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Muhandislik, ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt va turdosh sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan dastur;
- Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- Sport va jismoniy tarbiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng, Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashga sodiqliklari hamda ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga bo‘lgan o‘zaro istaklarining belgisi sifatida Faxriy mehmonlar xiyoboniga daraxt ekishdi.