Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbari UNESCO faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi. Prezident UNESCOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif qildi.

O‘zbekiston UNESCO shafeligida “Sun’iy intellekt – maktab” pilot loyihasini amalga oshirish va Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etishga tayyor.

19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish, shuningdek, UNESCO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Davlat rahbari 2027-yilda Buxoroda UNESCOning ijodiy shaharlar tarmog‘i doirasida Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazishni taklif etdi.

Prezident gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida UNESCOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasini tashkil etish hamda Samarqandda dunyoning barcha qit’alaridan taniqli tadqiqotchilar, san’at namoyandalari, pedagoglar va novatorlar ishtirokida Ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi xotin-qizlarning global forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbari iqlim o‘zgarishi madaniy merosga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, “UNESCOning ekologik poytaxti” global tashabbusini ta’sis etish, shuningdek, UNESCO Ijroiya kengashining globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Xiva shahrida shu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Virtual makonda noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishiga qarshi kurashish, jamoatchilik fikrini himoya qilish va kamsitishlarga qarshi kurashish ham ustuvor yo‘nalishlar qatorida. Prezidentimiz Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va UNESCOning mediasavodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.