Ijtimoiy tarmoqlarda 30-oktyabrdan Toshkent shahridagi maktablarda niqob taqish rejimi joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berdi.

Maktab o‘quvchilarining ota-onalari chatlarida o‘qituvchilar va o‘quvchilar darslarga tibbiy niqob taqib kelishlari shart qilib belgilangani haqida gap-so‘zlar tarqalgan. Go‘yoki bu sanitariya choralari respublika Bosh sanitariya vrachining qarori bilan tasdiqlangan ekan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu choralar tavsiyaviy xarakterga ega. Bunday qarorlar har yili o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olish mavsumi oldidan qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar beriladi.

Qarorda qayd etilishicha, tibbiy niqoblarni faqat epidemiologik vaziyat yomonlashgan taqdirdagina taqish ko‘zda tutilgan. Hozir vaziyat barqaror, shuning uchun maktablarda majburiy niqob taqishga zarurat yo‘q. Agar qaysidir sinfda kasal bolalar bo‘lsa, niqoblar faqat ular bilan aloqada bo‘lganlarga tavsiya etiladi, — dedi mutaxassis.

Niqob taqish tartibi joylardagi vaziyatni inobatga olgan holda belgilanadi. Shuning uchun buni barcha maktablarda niqob taqish rejimi majburiy deb talqin qilib bo‘lmaydi.

Boshqacha qilib aytganda, ushbu qaror oddiy mavsumiy hujjat bo‘lib, muayyan joyda epidemiologik vaziyat qanchalik murakkab bo‘lishiga qarab choralar ko‘rishni nazarda tutadi, — deya qo‘shimcha qildi Nurmat Otabekov.