O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi eksporti sohasida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Tomonlar yangi “Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurishga kelishib oldi.
Mamlakat energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Afg‘oniston tomoni O‘zbekistondan yetkazib berilayotgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarib kelayotgani haqida gapirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, hozirgi hukumat avvalgi ma’muriyatning qarzlarini to‘liq to‘lagan.
Afg‘oniston bilan hamkorlik juda yaxshi rivojlanmoqda. So‘nggi ikki oy ichida u yerga uch marta bordim. U yerda hammasi tinch, xudoga shukur. Ularda rivojlanishga, iqtisodiyotini mustahkamlashga intilish bor. Bu esa energiya resurslarisiz amalga oshmaydi.
Afg‘oniston yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov majburiyatini to‘liq bajarmoqda. Kompaniyamiz rahbari ta’kidlaganidek, Afg‘oniston tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar bo‘yicha hech qanday kechikish va muammolar yo‘q, — dedi vazirlik vakili.
Shuningdek, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatga elektr energiyasi eksportini bir necha barobar oshirishga yordam berishi kerak bo‘lgan “Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Mutaxassisning aytishicha, hozirda Surxondaryo viloyatigacha liniyalar tortilib, podstansiyalar kengaytirilgan va hozirda 500 kV kuchlanishli yangi liniya ustida ish olib borilmoqda. Qayd etilishicha, tomonlar ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnomani sentyabr oyida imzolagan va barcha ishlarni 18 oy ichida yakunlashga kelishib olgan.