Ijtimoiy tarmoqlarda quruvchining mijozlarini tanqid uchun jarimaga tortish mumkinmi, degan bahs avj oldi. Ma’lumot Golden House kompaniyasiga tegishli edi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vaziyatni o‘rganib chiqdi.
Ijtimoiy tarmoqlardan tarqalgan murojaatda agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, Golden House qurilish kompaniyasi to‘langan summaning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima ushlab qolishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, kompaniya hatto mijoz tomonidan shikoyat qilingan taqdirda ham, agar bu quruvchining fikriga ko‘ra, “kompaniyaning obro‘siga putur yetkazsa”, jarima undirishi mumkin.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida Golden House kompaniyasining ulushli ishtirok asosida kvartiralarni sotib olishda tuziladigan shartnomalarida haqiqatan ham ushbu qoidalar mavjudligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, shartnoma xaridorning tashabbusi bilan bekor qilinganda yoki mijoz OAV yoxud davlat organlariga kompaniya faoliyati ustidan shikoyat bilan murojaat qilganda shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima ushlab qolingan. Ushbu shartlar iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi deb topildi.
Qo‘mita tomonidan “Golden House Property Group” MCHJga aniqlangan qoidabuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
 
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                 
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                        