O‘zbekistonda tadbirkorlarga asossiz jarima solgan amaldorlar uchun javobgarlik joriy etilmoqchi. Bu haqda biznes-ombudsmanning qonun loyihasida keltirilgan.
2024-yil davomida sudlar tadbirkorlarning noqonuniy qo‘llanilgan jarimalar bo‘yicha 6370 ta shikoyatini ko‘rib chiqdi. Shu bilan birga, ushbu murojaatlarning 5280 tasi qanoatlantirildi. Natijada mutaxassislar tomonidan 1,4 trln so‘mga yaqin jarimalar bekor qilindi.
2025-yilning birinchi yarmida bunday shikoyatlar soni 4738 tani tashkil etdi va ularning 3755 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirildi. Natijada 3,1 trln so‘mlik jarimalar bekor qilindi. Biznes-ombudsman nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz ravishda jarima sanksiyalarini qo‘llash holatlari ko‘p uchrayotganini qayd etib, bugungi kunda qonunchilikda bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmaganini ta’kidladi.
Javobgarlikning yo‘qligi nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari vakillari ko‘pincha hech qanday shaxsiy javobgarlikdan qochib, tadbirkorlarga nisbatan asossiz moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashiga olib keladi, — deyiladi hujjatda.
Shu munosabat bilan 241-11-modda “Tadbirkorlik subyektlariga asossiz jarima solish” ko‘rinishida tegishli qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda. Xususan, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organi hamda davlat tashkiloti mansabdor shaxsining tadbirkorlik subyektlariga asossiz moliyaviy jarimalar solishi, agar sud ularni qonunga xilof deb topsa, BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (8,24 mln so‘mdan 16,48 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.