Shavkat Mirziyoyev millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning yangi shakl va usullari yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Yil boshidan buyon 11 mingdan ziyod shunday holat aniqlanib, qariyb 2,5 tonna giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Rasmiylar giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishini bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflarni taqdim etdi. Aholi salomatligi va millat genofondini ushbu tahdiddan samarali himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar va mexanizmlar taklif etildi.
Prezident o‘quvchi va talabalar o‘rtasida giyohvand moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan ta’sirchan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarda bu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish barcha organ va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilanishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, yoshlarga nisbatan sodir etilayotgan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, internet tarmog‘ida giyohvand moddalarni tarqatuvchilar, uyushgan guruhlar va giyohvandlik laboratoriyalari, shuningdek, ularga homiylik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va ularning harakatlariga chek qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Giyohvandlikka chalingan voyaga yetmaganlar va yoshlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va reabilitatsiya qilish tizimi takomillashtiriladi.
Taqdimot yakunida prezident 2025-2026 yillarda narkojinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasini ma’qulladi. U 100 dan ortiq tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy va axborot-tashviqot tadbirlarini o‘z ichiga oladi.