Toshkent shahrida 3-noyabrdan ijtimoiy obyektlarda, 5-noyabrdan esa aholi xonadonlarida markazlashgan issiqlik ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shahar hokimi Shavkat Umurzoqov gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlarini inobatga olgan holda tegishli qaror qabul qildi.

Issiqlik ta’minotiga ulanish jarayonida xonadoningizda yoki rahbarligingizdagi muassasada biror nosozlik yoki kamchilik yuzaga kelsa yoxud issiqlik ta’minoti tashkilotlari, XUJMSH yoki BSK tomonidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik holatlariga guvoh bo‘lsangiz, bu haqda zudlik bilan 1055 yoki 71 210-01-87 telefon raqamlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali xabar berishingizni so‘raymiz, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda issiqlik ta’minoti tariflarining oshishi 12-noyabrdan kuchga kiradi. Veolia Energy narxlar o‘zgarishi grafigini taqdim etdi.