Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “M-25” konidagi quduqdan gaz chiqayotgani haqida video va xabarlar paydo bo‘ldi. Energetika vazirligi holatga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2-noyabr kuni “M-25” konining 202-sonli gaz qudug‘ida favvoralanayotgan tabiiy gaz oqimining oldindan yoqilgan mash’alasi vaqtincha o‘chishi kuzatilgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hodisa konda sodir bo‘layotgan geologik jarayonlar natijasida yuzaga kelgan.
Shundan so‘ng atmosferaga zararli moddalar chiqishining oldini olish maqsadida tabiiy gazga tezkorlik bilan qayta o‘t qo‘yildi. Qayd etilishicha, ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishning standart usuli bo‘lib, sanoat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro talablarga to‘liq javob beradi. Hozirda vaziyat barqaror va mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan.
Bu konni tartibga solish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan bog‘liq odatiy holat bo‘lib, hech qanday favqulodda holatlar qayd etilmagan, — deya ta’kidladi vazirlik. Idoraning qo‘shimcha qilishicha, hodisa 3 noyabrga o‘tar kechasi qayd etilgan zilzila bilan bog‘liq emas.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tumanda yana kuchli vodorod sulfid hidi tarqalgani haqida xabarlar tarqalgan edi.