Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Doha shahrida ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari keyingi yillarda Qatar ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyotning global markaziga aylanib borayotganini ta’kidlab, ushbu mamlakat xalqini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy tabrikladi.
Shavkat Mirziyoyev jahon hamjamiyati va hukumatlari ijtimoiy farovonlikni ta’minlash va aholi turmush darajasini oshirish uchun birgalikda harakat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan hamkorlikning barcha xalqaro formatlari va tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili mustahkamlanib, ijtimoiy adolat ta’minlanayotgan, aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilinayotgan ijtimoiy davlat qurilishi keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz, — dedi prezident.
Davlat rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi, deb hisoblaymiz, — dedi prezident.
Shu munosabat bilan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat jamg‘armasini ta’sis etish taklif qilindi. Davlatimiz rahbari bandlik masalalarini samarali hal etish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezident “Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi. Barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta’kidlandi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion dollarni tashkil etadi. Bu esa, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi.
Davlat rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish global alyansining birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni O‘zbekiston to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. U Alyansning bo‘lajak sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilib, ta’lim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi etib belgiladi.
Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.
Prezident iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va bioxilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari — fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik jihatdan noqulay hududlar aholisi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, bu tajribani jahon hamjamiyati bilan baham ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab odamlarga ishonch va umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir, — dedi davlat rahbari.
Yakunda O‘zbekiston prezidenti sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini amalga oshirishni ta’minlashga tayyorligini bildirdi.