O‘zbekistonda onlayn mikroqarzlar berishda fuqarolar himoyasini kuchaytirishmoqchi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi. Shaxsiy ma’lumotlar operatorlari reyestrini yaratish, shuningdek, ulardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni firibgarlar tomonidan ularning xabarisiz rasmiylashtirilgan mikroqarzlar bo‘yicha majburiyatlardan ozod qilishni nazarda tutishni taklif qildi. Shubhali bank hisob raqamlarini kecha-yu kunduz blokirovka qilish ta’minlanadi. Kiberjinoyatlarning yangi turlari, masalan, kriptoaktivlarni o‘g‘irlashga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar yetarli emasligi qayd etildi.
Prezident kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish choralarini kuchaytirish, Kiberxavfsizlik markazi salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Davlat rahbari raqamli texnologiyalar sharoitida jinoyatlarni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 ta yangi ekspertiza turini joriy etishni maqsad qilgan edi.