Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Taqdimotda import dori vositalarining referent narxlarini shakllantirishda manipulyatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Hozirda import qilinayotgan 7,6 ming turdagi dori-darmonlardan 4,9 mingtasi referent davlatlarning narx reestrlariga kiritilmagan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2,6 mingta retsept bo‘yicha dori vositalarining o‘rtacha narxlari 40-50 foizga pasayishi kutilmoqda. Farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridi mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sifatsiz tovarlarni xarid qilish va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish maqsadida barcha xaridlar maxsus farma.xarid.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Ushbu tizim ishga tushirilgandan so‘ng, barcha zarur sertifikatlarga (GMP, ISO:13485 GDP) ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar va yetkazib beruvchilar davlat xaridlarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Davlat xaridlari hajmlari, sertifikatlangan ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar reyestrlari jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi. Tizimda xarid qilinayotgan preparatlarning narxi belgilangan referent darajadan oshmasligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshiriladi.
Prezident 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat tibbiyot muassasalarining dori vositalari va tibbiy uskunalarga bo‘lgan ehtiyojini shakllantirish hamda qoldiqlarni samarali boshqarish bo‘yicha alohida platforma ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.