Ukrainaning Kiyev viloyatida mehnat qulligiga tushib qolgan 19 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.
Ukraina ommaviy axborot vositalarida 18-sentyabr kuni Kiyev viloyatidagi issiqxonalardan birida majburiy mehnatga yaqin sharoitda bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Holat zudlik bilan O‘zbekistonning qat’iy diplomatik nazoratiga olindi.
Respublika elchixonasi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning qonuniy huquqlarini tiklash, Ukrainadan xavfsiz chiqib ketish uchun hujjatli va tashkiliy masalalarni hal qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tashkil etdi.
Muzokaralar natijasida 19 nafar fuqaroga “jabrlanuvchi” maqomi rasman berildi, bu esa ularga nisbatan Ukraina qonunchiligi bo‘yicha har qanday sanksiyalar qo‘llanilishini butunlay istisno qildi.
XMTning Ukraina va Moldovadagi vakolatxonalarining bevosita mablag‘lari hisobidan 28-oktyabr kuni O‘zbekiston fuqarolari Kiyevdan Kishinyovga avtotransportda yetkazildi. Moldova poytaxtida bo‘lgan davrda ular xavfsiz yashash sharoitlari, oziq-ovqat va zarur yordam bilan ta’minlandi.
2-noyabr kuni barcha 19 nafar vatandoshimiz XMT mutasaddilari hamrohligida Kishinyov—Istanbul—Urganch yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qildi va 3-noyabr kuni O‘zbekistonga eson-omon yetib keldi. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zlari bo‘lib turgan mamlakatdagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilishda davom etmoqda, ularning qonuniy huquq va manfaatlari buzilishi to‘g‘risidagi har qanday signallarga zudlik bilan javob bermoqda.