Yangi xalqaro aeroport qurilishi hududida qurilish taqiqlanadi. Bu haqda Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi xabar bermoqda.
Mutaxassislar inventarizatsiya o‘tkazib, turar va noturar binolar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari egalari uchun kompensatsiya miqdorini belgilaydi. Bundan tashqari, yangi aeroport yaqinida yangi loyihalar va qurilish ishlari cheklanadi.
Yangi aeroport uchun mo‘ljallangan hududda mavjud mol-mulk qiymatining asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida yangi foydalanuvchilar uchun taqsimlash, rasmiylashtirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va qurilish ishlarini olib borish cheklanadi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida yangi aeroport qurilishi uchun Xalqobod va Yangiyo‘l mahallalaridagi uylar buzilib, aholiga kompensatsiya va’da qilingan va ularni to‘lash tartibi tushuntirilgan edi.
Avvalroq Toshkent yaqinidagi yangi xalqaro aeroport loyihasi tafsilotlari ma’lum bo‘lgandi.