O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi “proaktiv shaklda” tayinlanadi. Bu haqda prezidentning ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida so‘z boradi.

2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi. Bunda fuqarolar quyidagi shartlar asosida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadi:

  • majburiy tartibda — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining miqdori Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda belgilanadigan qismi hisobidan;
  • ixtiyoriylik asosida — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 foizi miqdorida har oylik sug‘urta badalining eng kam miqdorini to‘lash yo‘li bilan.

Fuqarolarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar ularning eng kam sug‘urta stajiga va to‘langan sug‘urta badallariga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Jamg‘arma orqali proaktiv shaklda quyidagi nafaqalar tayinlanadi va to‘lanadi:

  • 2026-yil 1-yanvardan — homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
  • 2026-yil 1-iyuldan — vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi.

Shu bilan birga, fuqarolarning murojaatlari asosida 2030-yil 1-yanvardan boshlab Jamg‘arma orqali ishdan bo‘shatish nafaqasi tayinlanadi va to‘lanadi.