O‘zbekistonda “103” xizmatida “Onlayn shifokor” maslahat tizimi joriy etiladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
2024-yilda sohada elektron boshqaruv tizimi ishga tushirildi. 2,4 ming nafar dispetcher ushbu dastur bo‘yicha o‘qitildi. Natijada murojaat manzili bo‘yicha kechikishlar soni 1,1 foizdan 0,3 foizga kamaydi.
O‘z navbatida, ushbu hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalarining malakasi Janubiy Koreya tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan simulyatsion o‘quv markazlarida oshirildi.
Umuman olganda, so‘nggi sakkiz yilda “103” xizmati bo‘limlari soni 818 tadan 1680 taga, “Tez yordam” brigadalari soni 1648 tadan 2865 taga, bir chaqiriq uchun dori-darmon uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori 750 so‘mdan 11 800 so‘mga oshgan.
Natijada tez tibbiy yordam brigadalarining chaqiruvga yetib kelish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqardi. Kelgusida tizimni raqamlashtirish jarayoni yanada jadallashtiriladi. Xususan, 2026 yilda:
- aholi uchun “103” xizmatida “Onlayn shifokor” maslahat tizimi joriy etiladi;
- joylarda foydalaniladigan elektron dasturlar shifoxonalar va birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari bilan integratsiya qilinadi.