O‘zbekistonda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

Yo‘llanma bo‘yicha budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam tibbiyot tashkilotlarida quyidagi toifalarga ko‘rsatiladi:

  • tuman (shahar) va hududiy darajalarda — aholining barcha toifalariga;
  • respublika darajasida — bemorlarning imtiyozli toifalariga.

Bunday tibbiy yordam olish uchun bemor o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga murojaat qiladi. Biriktirilgan oilaviy shifokor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va bemorni tor soha mutaxassisiga yo‘naltiradi.

Tor soha mutaxassisi 1 ish kuni mobaynida amaldagi klinik protokollar hamda tashxis qo‘yish va davolash standartlariga muvofiq bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Statsionar sharoitda tibbiy yordam olish uchun ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganda tor doiradagi mutaxassis yoki oilaviy shifokor tomonidan tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasida rejali statsionar tibbiy yordam olish uchun axborot tizimi orqali yo‘llanma beriladi.

Bemorlarning ma’lumotlari tegishli yo‘nalish bo‘yicha respublika darajasidagi tibbiy saralash komissiyalari tomonidan o‘rganilib, natijasi bo‘yicha 2 ish kunida elektron axborot tizimi orqali xulosa beriladi.