Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentining rasmiy qarorgohi — Vashington shahridagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi.

Davlat rahbari AQSH yetakchisiga asos solinganidan buyon o‘tgan 10 yilda mintaqaviy savdo, transport va energetika aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylangan “C5+1” formatidagi sammit tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu sammit Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi strategik muloqotni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

“C5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish taklif qilindi.

Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish dolzarb ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSH bilan faol ishlashga tayyorligini bildirdi.

Muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qo‘mitani tuzish taklif qilindi.

Mintaqa qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish taklifi bilan chiqdi.

Davlat rahbari navbatdagi sammitni Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Tadbirda boshqa yetakchilar ham so‘zga chiqdi. Sammit yakunida ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi.