AQSH prezidenti Donald Tramp AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida yirik savdo-iqtisodiy bitim tuzilganini e’lon qildi. U tegishli postni TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan savdo-iqtisodiy kelishuvni e’lon qilishdan mamnunman. Yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlarni amalga oshiradi, — deb yozdi Tramp.
AQSH prezidenti, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali munosabatlarni intiqlik bilan kutayotganini ma’lum qildi.
Reuters xabariga ko‘ra, kelishuv ta’minot va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni, shuningdek, yuqori texnologiyali va xomashyo sektorlarida qo‘shma loyihalarni nazarda tutadi.