O‘zbekiston Markaziy banki aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 18 ta bankni jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mutaxassis moliyaviy xizmatlar iste’molchilari uchun ma’lumotlarni oshkor qilish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishini, shuningdek, foydalanuvchilarning to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqini ta’minlash maqsadida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlari monitoringini o‘tkazdi.

Bir qator kamchilik va qoidabuzarliklar aniqlandi. Xususan, ayrim banklar tomonidan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilmayotgani natijasida ularning veb-saytlarida davlat tilida joylashtirilgan ma’lumotlar mavjud emas.

Ayrim banklarning veb-saytlarida kredit ta’minoti sifatida qabul qilingan mol-mulkni kredit bo‘yicha qarzning asosiy summasini so‘ndirishga mutanosib ravishda garovdan bosqichma-bosqich ozod qilish tartibi joylashtirilmagan.

Agrobank, Anorbank, Hayot Bank, Universalbank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, InfinBank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest Bank, Saderat Bank, Orient Finans Bank, Ipoteka bank, Tenge Bank, Ziraat Bank Uzbekistan, AVO bank va Openbank kabi banklarning rasmiy veb-saytlarida yuqoridagi tartib joylashtirilmagan.

Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarning har biriga nisbatan 102 mln so‘m miqdorida jarima solish ko‘rinishidagi ma’muriy ta’sir chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, ularga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq muvofiqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.