Bugun va yaqin kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo haroratining asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.

10-11 noyabrda havo harorati kechasi va ertalab 0-3 daraja iliqni, kunduzi 13-16 daraja iliqni tashkil etadi. Hafta o‘rtasidan harorat kechasi va ertalab 4-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduzi esa 17-20 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Respublika hududining katta qismida shu kunlarda quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida 10-11 noyabr kunlari ba’zi joylarda yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahrida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 10-11 noyabrda kechasi 2-4 daraja iliq, kunduzi 13-16 daraja iliq, 12-14 noyabrda kechasi 4-7 daraja iliq, kunduzi 17-20 daraja iliq bo‘ladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.